Va nihoyat...

O'n yil ichida dunyo o'zgarib ketdi. Ko'p yurtlarni bosib yotgan qorong'ulik chekindi, balo bulutlari tarqaganday bo'ldi. Oftob charaqlagan kunlarning birida Omonulloni xizmatga qaytardilar. Uchinchi o'g'li tug'ilganida u polkovnik darajasiga yetgan edi.
Oftob nuridan gul ham, chaqir tikan ham bahramand bo'lganiday, o'pkasini sovuqqa oldirgan Tursun-ali ham uyiga barvaqt qaytdi. O'zini tuhmat balosiga uchragan mazlum sifatida ko'rsatib, hech bo'lmaganda sovxoz direktorligini qaytarish ilinjida ko'p urindi. Ammo urinishlari zoe ketdi. Yaxshiki, shogirdiga insof kirib, uni qanotiga oldi. Tursunali buni shohsupa sari bosilgan birinchi qadam deb o'yladi. Ammo nafs yana o'z ishini qildi: bir vagon ma'dan o'g'itlarini pullayotgan paytda qo'lga tushdi-yu, o'zi bilan birga shogirdini ham chohga tortdi.
Oqibatda:
Adolatning qizi o'ynashsiz qoldi...
Matluba yana ersiz...
Matlubaning birinchi kelinini uy ostonasiga olib chiqib qaynotasiga salom... deyishayotganda salom egasi Uchquduqdagi qamoq lagerida o'z taqdirini la'natlab o'tirardi.
Nuriddin esa...
Qo'tosning saboqlari zoe ketdi. Uyiga qaytgach, Nuriddin ota kasbini qildi - odam o'ldirgan qo'llarning ketmon dastasiga ko'nikishi qiyin bo'lsa-da, baribir iziga qaytmadi.
Bir kuni shomda g'o'zalarga suv tarayotgan damda shiypon yaqinida mashina to'xtab, undan bashang kiyingan odam tushdi. Brigada boshlig'i ham ketib bo'lgan, dalada Nuriddin yolg'iz edi. Xo'jayinlardan biri keldi, deb o'ylab, shiyponga yaqinlashdi-yu, Tengizni ko'rdi. U bilan qanday ko'rishishni bilmay taraddudlanganida Tengiz quchoq ochdi:
- Hamzat! Salomatmisan, birodarim! - deb quchoqlab oldi.
Nuriddin meni yana o'g'irlikka tortgani kelgan, degan fikrda, rad javobini qanday qilib aytishni bilmay o'tirganida Tengizning o'zi mushkulini oson qildi:
- Seni olib ketgani kelganim yo'q, qo'rqma, - dedi u. - Sendan o'g'ri chiqmasligini bilardim. Seni u tomonlarda saqlab qolishning boshqa yo'li yo'q edi. Men yurtingdan ozroq qarz bo'lib qolgan edim, to'g'rirog'i, tovon to'lashim kerak edi, shuni to'lagani keldim. Ataganimni beramanu ketaman. Endi zamon bosh-qa, Hamzat, hayot ham boshqacha bo'ladi. Sen bolalaringni o'zingga o'xshatib tarbiyalama. - Tengiz shunday deb mashinadan ixcham jomadon olib ochdi. Uning ichidagi pulu javohirni ko'rib Nuriddin lol qoldi. Tengiz pullardan bir taxlamini olib Nuriddinga uzatdi:
- To'yingga kelolmadim, bu senga to'yona.
Nuriddin olmayman, deb chekingan edi, Tengiz pulni uning qo'njiga solib qo'ydi.
- To'yonadan qaytmaydi, ahmaq! Sendan bitta iltimosim bor: o'g'illaringdan birining ismini Hamzat deb qo'y, maylimi? - U shunday deb jomadonni yopdi. - Bunisi yurtingga to'laydigan tovon...
Shunday deb ketdi...
Nuriddin uni boshqa ko'rmadi...
Tengiz uning uchun shirin xotira bo'lib qoldi... 
